✅ Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida 8–9 oktyabr kuni xalqaro miqyosdagi “8-Markaziy Osiyo Micromine foydalanuvchilari konferensiyasi – 2025” nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Micromine kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Micromine — Avstriyada tashkil topgan, konchilik, geologiya va mineral resurslar sohalari uchun ilg‘or raqamli yechimlar, dasturiy ta’minot va texnologik platformalarni ishlab chiquvchi yetakchi xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya turli mamlakatlardagi korxonalar bilan hamkorlikda amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, sohaviy yechimlarni tatbiq etish, shuningdek, ayrim hollarda sohani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar va grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash faoliyati bilan ham shug‘ullanadi.
✅ Konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti nomidan xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova boshchiligida bo‘lim boshliqlari va xodimlar ishtirok etdilar.
✅ Tadbirda geologiya, konchilik, mineral resurslar, raqamli yechimlar va geoaxborot texnologiyalari kabi sohalardagi ilmiy ishlanmalar, yangiliklar va sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar, shuningdek sohaga oid xalqaro grantlar va loyihalar haqida ma’ruzalar tinglandi.
✅O‘zMU delegatsiyasi konferensiyada ishtirok etish orqali sohadagi so‘nggi texnologik yondashuvlar bilan tanishish, ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda universitet faoliyati uchun istiqbolli hamkorlik va investitsiyaviy imkoniyatlarni o‘rganishni maqsad qildi.
✅Tadbir davomida qator nufuzli spikerlar nutq so‘zladi. Jumladan, Geologiya fanlari universiteti rektori Qodirxo‘jaev A’zam, Mineral resurslar institutidan Navro‘zbek Jo‘rabekov va Ziyoda Minovarova, shuningdek, Micromine kompaniyasining raqamli yechimlar bo‘yicha bo‘lim prezidenti Kristen Uolsh ma’ruzalar bilan chiqish qildilar. Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa universitet va tashkilotlar vakillari ham sohaviy masalalar bo‘yicha o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
✅Mazkur konferensiya geologiya va konchilik sohasidagi raqamli yechimlarning zamonaviy tendensiyalarini muhokama qilish, ilmiy hamkorlik va amaliy tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘ldi.

