Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

«Moʼynoqqa madad» ekologik xayriya velomarafoni finishga yetib keldi

Oʼzbekiston Milliy universitetining Ekologiya fakulьteti professor-oʼqituvchilari hamda talabalari ushbu ekologik xayriya aktsiyasida ishtirok etish uchun Nukus shahriga borishdi. “Moʼynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni doirasida talaba yoshlarimiz va velomarafon sportchilari Beruniy tumanidagi “Quyi Аmudaryo davlat biosfera rezervati”ga keng jamoatchilik vakillari bilan ekotur tashkil etildi.

Mazkur xayriya velomarafonini oʼtkazishdan maqsad mamlakatimizda velosportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shugʼullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, Orolboʼyi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash hamda keng jamoatchilik eʼtiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratishdan iborat.

Ushbu xayriya velomarafonida faol ishtirok etgan Ekologiya fakulьteti talabasi M.Muminova: “Erta tongdan Toshkent Janubiy vokzalidan Nukus tomon yoʼl olgan poezdimiz harakatlanganidan soʼng unga havo kira boshladi. Vagonlar boʼylab mayin, salqin shabada ufurdi. Biz yoshlar yoʼl davomida nazariy olgan bilimlarimizni professor-oʼqituvchilarimiz bilan Qoralpogʼiston Respublikasining bir biridan betakror tabiati haqidagi tortishuvli suhbatlarimizga yoʼlovchilarning ham qiziqish bilan qarashlari oʼzgacha kayfiyat bagʼishladi”-deydi.

Eko xayriya aktsiya davomida talaba yoshlarimiz va sportchi yoshlar Oʼzbekiston Milliy universitetining Moʼynoq tumanida joylashgan 1.3 gektarli oʼquv-ilmiy poligoniga borib, universitetda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda tadbiq qildilar. Sporchilar bilan birga talabalarimiz ham Qoraqalpogʼistonning oʼziga xos tabiati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʼldilar. Tadbir doirasida jalb etilgan homiylik hamda hayriya mablagʼlari Moʼynoq tumanidagi Аli-ovul qishlogʼini obod qilish bilan bogʼliq chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʼnaltirildi. Shuningdek, eko xayriya yakunida yoshlar ishtirokida markaziy koʼchalardan birida oʼziga xos tadbir tashkil etildi. Tadbirda bu yil ilk bor oʼtkazilayotgan ushbu velomarafonning Orolboʼyi hududida uzoq yillar davomida yigʼilib qolgan ekologik va ijtimoiy masalalarni hal qilishdagi ahamiyati haqida soʼz bordi. “Moʼynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonida Oʼzbekiston Milliy universiteti talabalari faol ishtirok etib, Orolboʼyi aholisining turmush sharoitlarini yaxshilashga oʼz hissalarini qoʼshishdi.

OʼzMU Аxborot xizmati