Bugun, 29-sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi va unda turli yo‘nalishlarga taalluqli muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab, Kengash raisi, rektor Inom Madjidov “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni munosabati bilan universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlarini tabrikladi. O‘zbekiston Milliy universitetida so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilayotgan munosib natijalar, xalqaro tan olinish, nufuzli reytinglardagi yuqori o‘rinlar — jamoaning fidokorona mehnati, sadoqati va yuksak mas’uliyati samarasi ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng bayram munosabati bilan bir guruh professor-o‘qituvchilarga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Kengashning asosiy qismida universitetning xalqaro reytinglardagi natijalari, 2024/2025-o‘quv yilining II-yarim yillik yakuniy nazorat natijalari tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi. 2025/2026 o‘quv yilida qabul qilingan ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim uchun to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash, ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash hamda professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlariga nashr guvohnomasini berish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, ilmiy unvon va lavozimlarga tavsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur kengashda professor unvoniga 2 nafar, dotsent unvoniga esa 9 nafar nomzod tavsiya etildi.
O‘zMU Axborot xizmati