Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi

Bugun universitetda “Yoshlar kuni” munosabati bilan bitiruvchi talabalar ishtirokida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning g‘oya va tashabbuslarini eshitish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilab olish hamda yoshlarning takliflarini amaliyotga tatbiq etish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Uchrashuv avvalida universitet rektori Inom Madjidov 24-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarga atroflicha to‘xtaldi. Xususan, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bandligini ta’minlash, innovasion g‘oya va tashabbuslarni rag‘batlantirish, ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash kabi yo‘nalishlar universitet faoliyatining ustuvor vazifasi ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, bitiruvchi talabalarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ularning kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli boshlashi uchun zarur tashkiliy va institusional shart-sharoitlarni yaratish masalalari yuzasidan aniq rejalar bayon qilindi.

Uchrashuv ochiq muloqot va erkin fikr almashish ruhida davom etdi. Talabalar o‘z taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdilar.

Jumladan, Kimyo fakulteti talabasi Shalola Umirqulova iqtidorli talabalarni xorijiy oliy ta’lim muassasalariga yo‘naltirishga ko‘maklashuvchi maxsus agentlik tashkil etish hamda nufuzli universitetlar bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti talabasi Daler Safarov startap loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi maslahat va inkubatsiya markazi ochish tashabbusini bildirdi.

Tarix fakulteti talabasi Madamin Esanov o‘zining ijtimoiy loyihasini ro‘yobga chiqarish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi Diyorbek Turanov talabalar tashabbuslarini muvofiqlashtiruvchi va loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi “Universal loyihalar markazi”ni tashkil etish taklifini bildirdi.

Iqtisodiyot fakulteti talabasi Fazliddin Haydarov bank-moliya institutlari bilan universitet hamkorligini yanada kengaytirish, talabalar uchun imtiyozli moliyaviy instrumentlarni joriy etish bo‘yicha taklif bildirdi.

Biologiya va ekologiya fakulteti talabalari Hojiakbar Pattoyev “Biologiya va biotexnologiya” yo‘nalishi uchun harbiy kafedraga kvota ajratish, Behruz Jumayev esa “Hayot faoliyati xavfsizligi” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini ochish tashabbusini ilgari surdilar.

Rektor har bir murojaat va taklifni atroflicha eshitib, ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan aniq yo‘nalishlar belgilab berdi. Soha prorektorlari, tegishli bo‘linma rahbarlari va fakultet dekanlariga har bir taklifni tizimli o‘rganish va amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Mazkur uchrashuv yoshlar fikri, tashabbusi va intellektual salohiyati universitet taraqqiyotining muhim omili ekanini yana bir bor namoyon etdi.

O‘zMU Axborot xizmati