Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Oʻzbekiston Milliy universitetida Strategiya markazi ochildi

Bugun, 20-fevral kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Strategiya markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rektori, professor Inom Madjidov hamda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti huzuridagi Moskva iqtisodiyot maktabining Iqtisodiy va moliyaviy strategiya kafedrasi mudiri, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, akademik Vladimir Kvint, strateg olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Mazkur markaz universitetning “Davlat va korporativ strategiyalari” kafedrasi, Moskva davlat universiteti Moskva iqtisodiyot maktabining Iqtisodiy va moliyaviy strategiya kafedrasi hamda mamlakatimizda strategiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan qator ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Markaz faoliyati doirasida zamonaviy strategik boshqaruv va rivojlanish masalalari bo‘yicha fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi. Shuningdek, davlat va korporativ boshqaruv sohalari uchun yangi avlod darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, xalqaro ilmiy maktablar tajribasini joriy etish, strategik tahlil va prognozlash metodologiyasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Markaz doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va yosh tadqiqotchilar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yadi, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy loyihalarga jalb etish va xalqaro ilmiy hamkorlikka integratsiyalashuvini ta’minlaydi.

O’zMU Axborot xizmati