Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Oliygohlarning nufuzini oshirishda o’zaro hamkorlik

Oliygohlarning nufuzini oshirishda o’zaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatda oliy ta’limni tubdan modernizatsiya qilish, uning sifati va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim strategik hujjat hisoblanadi.

Mazkur Konsepsiyada respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini nufuzli xalqaro reytinglar – QS World University Rankings, Times Higher Education va Academic Ranking of World Universities reytinglarining birinchi 1000 taligiga, jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 talikka kiritish strategik maqsad sifatida qayd etilgan. Bu esa reytinglarda ishtirok etishni oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning muhim ko‘rsatkichiga aylantiradi.

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, O‘zMU bugungi kunda nafaqat o‘z faoliyatini xalqaro reyting mezonlari asosida takomillashtirmoqda, balki respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish, xalqarolashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Termiz davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillari universiteti va boshqa OTMlar bilan seminarlar muntazam tashkil qilib borildi.

9-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti va Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida xalqaro reytinglar bo‘yicha “Xalqaro universitet reytinglari: mezonlar, talablar va milliy OTMlar uchun strategik yondashuvlar” mavzuidagi navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova hamda xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Alijon Oripov, Qoraqalpoq davlat universitetidan esa xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Timur Nurimbetov, xalqaro ishlar bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Shaximardan Shaniyazov hamda xalqaro reyting faoliyati monitoringi bo‘limi boshlig‘i Yo‘ldosboyev Islom va boshqa universitet xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida xalqaro reytinglar kontekstida universitetlarning akademik nufuzini oshirish, xalqarolashtirish jarayonlarini kuchaytirish hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan umumiy yondashuvlar muhokama qilindi. Xususan, reytinglar doirasida ishtirok etishning metodologik jihatlari, ta’lim va ilmiy faoliyat natijalarini xalqaro miqyosda samarali namoyon etish, shuningdek, fan yo‘nalishlari kesimida ustuvorliklarni belgilash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur seminar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, xalqaro reytinglar bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirish va Konsepsiyada belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirishga xizmat qiluvchi muhim amaliy qadam bo‘ldi.