O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida amaliy o‘rganishlar olib borildi

Oliy Majlis Senatining 2026-yilgi ish rejasiga muvofiq Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunining rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlashga oid qismining Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida ijro etilishi holati o‘rganilmoqda.

Joriy yil 16-mart kuni qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov boshchiligida Mudofaa hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Harbiy prokuratura vakillari va soha ekspertlaridan iborat ishchi guruh Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib, universitetning Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida aynan O‘zbekiston Milliy universitetida rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash tizimi, harbiy tayyorgarlik jarayonining tashkil etilishi hamda uning samaradorligi e’tiborga olindi. Jumladan, talabalarni saralash tizimi, ularning qurol-aslaha va harbiy texnikadan foydalanish ko‘nikmalari, jismoniy va taktik tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari, ishchi guruhi a’zolari oliy ta’lim tashkilotlarida harbiy ta’lim bo‘linmalari shtat jadvalini shakllantirishda pedagogik lavozimlar va harbiy shtat birliklari o‘rtasida uzviylik ta’minlanganligi, o‘quv moddiy-texnik bazasining to‘liq jihozlanganligi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratishdi.

O‘rganish jarayonida harbiy tayyorgarlikni sifatli tashkillashtirish, ta’lim sifatini yaxshilash, nazariy olingan bilimlarni amaliyotda mustahkamlash zarurligi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

O’zMU Axborot xizmati