Bugun, 29-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy tashrif uyushtirdi.

Mazkur tashrifda universitet rektori Inom Madjidov boshchiligida soha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultetlar dekanlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Ekskursiya doirasida prokuratura tizimining boy tarixi, uning davlatchilik taraqqiyotida tutgan o‘rni va huquqiy madaniyatni shakllantirishdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishildi.

Muzey direktori Gulirano Orifjonova hamda prokuratura tizimida bir necha yillardan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan faxriy xodim general-leytenant Tohir Mirzayev mehmonlarga hamrohlik qilib, prokuratura organlarining tashkil topish tarixi, uning rivojlanish bosqichlari, turli davrlarga oid nodir hujjatlar, arxiv materiallari va tarixiy eksponatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov muzeyning faxriy mehmonlar kitobida esdalik qayd yozib qoldirdi. Rektor bundan keyin ham muzey bilan yaqindan hamkorlik qilinishi hamda talabalar ekskursiyalarini tashkil etilishini ta’kidlab, muzey jamoasiga minnatdorlik bildirdi.