Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti professorlari Boku shahridagi xalqaro anjumanda ishtirok etishdi

Ayni shu yilning 5–6-noyabr kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Falsafa kafedrasi professorlari, falsafa fanlari doktorlari Shermuxamedova Niginaxon Arslanovna hamda Nishanova Ozoda Djalolitdinovna Boku shahrida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdilar.

Ozarbayjonning Ijtimoiy tadqiqotlar markazi va Turkiyaning Istanbul universiteti Huquq fakulteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman “Davlat suvereniteti va milliy konstitutsiyalar XXI asrda: global chaqiriqlar, tendensiyalar va istiqbollar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Anjumanda professor Nigina Shermuxamedova konferensiyaning tashkiliy qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi hamda yalpi majlisda o‘zining ilmiy ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Professor Ozoda Nishanova esa zamonaviy siyosiy-falsafiy jarayonlarda davlat suverenitetining falsafiy asoslari va milliy konstitutsion qadriyatlarning o‘zaro bog‘liqligi yuzasidan ilmiy tahlillarni taqdim etdi.

Safar davomida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya olimlari o‘rtasida istiqbolli ilmiy hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Jumladan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish, shuningdek, o‘quv dasturlari va ilmiy almashinuv loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zMU Axborot xizmati