Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum!
Qadrli universitetimiz jamoasi, hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba-yoshlar!

Avvalo, barchangizni — adolat va taraqqiyot poydevori, mamlakatimiz asosiy qonuni — Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan chin dildan tabriklayman.

Prezidentimiz kuni kecha xalqimizga yo‘llagan tabrigida ta’kidlaganidek, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bosh qomusimiz barcha sohalarning, xususan, ta’lim, ilm-fan sohasidagi islohotlarning izchil amalga oshishida ham muhim o‘rin tutadi. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqiy normalar va prinsiplar, ayniqsa, ta’lim tizimidagi islohotlar uchun keng yo‘l ochadi.

Aziz talaba-yoshlar! Sizlar — Yangi O‘zbekistonning tayanchi, ertangi kelajagimizni barpo etadigan asosiy kuchsiz. Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklar sizlarga keng imkoniyat eshigini ochmoqda. Ishonamanki, sizlar Milliy universitet sharafini munosib himoya qilib, o‘z bilimingiz, tashabbusingiz va yuksak mas’uliyatingiz bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz.

Biz — O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklar, kafolatlar va imkoniyatlardan kelib chiqib, xalqimiz manfaati, yoshlar kelajagi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida fidoyi mehnat qilishga tayyormiz.

Shu munosabat bilan, jamoamizni — xalqimiz va Vatanimiz ravnaqi, tinchligi va birdamligi yo‘lida birgalikda harakat qilishga chaqirib qolaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-omonlik, kasbiy muvaffaqiyat, ilmiy yuksalish tilayman!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori