Talaba-yoshlar, ota-onalar va professor-o‘qituvchilarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirish to‘g‘risida

Qadrli talaba-yoshlar!
Hurmatli ota-onalar!
Aziz ustozlar va universitet jamoasi!
Bugungi tez o‘zgarayotgan zamonda yoshlar ongiga ta’sir o‘tkazuvchi turli xavf va tahdidlar tobora ko‘payib bormoqda. Ana shunday sharoitda har bir oila, har bir ta’lim muassasasi va butun jamiyatning eng muhim vazifasi — yoshlarimizni sog‘lom fikrli, bilimli, mustaqil hayotiy pozitsiyaga ega etib tarbiyalashdan iborat.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarimizni yot g‘oyalar va turli illatlardan asrash — nafaqat davlatning, balki har bir ota-ona, har bir ustoz, butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir.
Bugun afsus bilan aytish kerakki, jahon miqyosida keng tarqalayotgan eng xavfli illatlardan biri — giyohvandlik va narkojinoyatlar yoshlarimizga ham tahdid solmoqda. Bu baloga duch kelgan inson faqat o‘zining emas, balki oilasining, qarindosh-urug‘larining, hatto jamiyatning ma’naviy osoyishtaligiga ham jiddiy putur yetkazadi.
Aziz talaba-yoshlar!
Siz O‘zbekistonning kelajagisiz, bizning eng katta umidimiz va tayanchimizsiz.
Bugun har biringiz ilm, tafakkur va yaratuvchanlik yo‘lida ulkan imkoniyatlarga egasiz. Universitetdagi har bir auditoriya, har bir laboratoriya, har bir ilmiy jarayon — sizlarning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishingiz uchun xizmat qiladi.
Shu bois sizlarni ogohlikka chaqiraman: hech qachon o‘z hayotingizni xavf ostiga qo‘yadigan istak va fikrlarga aldanmang. Giyohvand modda — bu lahzalik qiziqish emas, balki butun umrni vayron qiladigan illatdir. U sizning orzularingizni, sog‘lig‘ingizni va kelajak baxtingizni tortib oladi.
Sizdagi ilmga tashnalik, mustahkam iroda, ma’naviy poklik — eng katta qalqon va eng kuchli himoyadir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzand tarbiyasi — bu doimiy e’tibor, muloqot va mehr talab etadigan yuksak mas’uliyatdir.
Farzandingizni tinglang, unga ishonch bering, qiziqishlari va muhitidan boxabar bo‘ling. Yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot — giyohvandlik kabi illatlarning oldini oluvchi eng kuchli vositalardan biridir.
Bugungi kunda ba’zan ota-onalar bandligi tufayli farzandlar e’tiborsiz qolib ketayotganini ham tan olishimiz kerak. Ammo shuni unutmang: farzandning bir og‘riqli qadami — butun oila taqdiriga ta’sir qiladi.
Muhtaram professor-o‘qituvchilar!
Auditoriyada berilgan har bir saboq, har bir nasihat yoshlar ongida mustahkam tamal toshi kabi qoladi.
Shu boisdan, giyohvandlikning xavfli oqibatlarini yoshlarimizga sodda, ochiq va asosli tarzda tushuntirish, ularni sog‘lom turmush tarziga undash — bugungi kunning nafaqat vazifasi, balki dolzarb burchidir. Har bir talaba — bizning farzandimiz, bizning kelajagimiz.
Giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurash — bu faqat huquqni muhofaza qilish idoralarining vazifasi emas. Bu — universitet, oila, maktab, jamoatchilik va har bir fuqaroning umumiy javobgarligidir.
O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi sifatida biz yoshlarimizning nafaqat ilmiy, balki ma’naviy kamolotiga mas’ulmiz.
O‘zbekistonning ertangi kuni, ilm-fan taraqqiyoti va jamiyat ravnaqi — avvalo yoshlarimizning ongli hayot tarzi, toza fikri va mustahkam ma’naviyatidan kelib chiqadi.
Aziz yoshlar! Har biringizning taqdiringiz o‘z qo‘lingizda.
Kelajagingiz o‘z tanlovingiz, iroda va kuchingizga bog‘liq. Bu avvalo — shaxs sifatida o‘zingiz va ota-onangiz oldidagi mas’uliyatingiz va ularga bo‘lgan hurmatingiz demakdir.
Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori