Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari!
Muhtaram ustozlar!

Qadrli hamkasblar!

Avvalo, o‘z umrini mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan sizdek fidoyilarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman.

Sidqidildan mehnat qilayotgan, pedagogik va ilmiy faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga, universitet jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Oliygohimizda so‘nggi yillarda qo‘lga kiritilayotgan munosib natijalar, xalqaro tan olinish, nufuzli reytinglardagi yuqori o‘rinlar — avvalo, sizlarning fidokorona mehnatingiz, sadoqatingiz va yuksak mas’uliyatingiz samarasidir.

Barchamizga ma’lum, kuni kecha Prezidentimiz Birlashgan Millatlar tashkilotining oliy minbaridan turib nutq so‘zladilar. Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida Yangi O‘zbekistonda qisqa davr ichida ko‘plab yo‘nalishlar qatori ta’lim, ilm-fan sohalarida ham sezilarli o‘zgarishlar qilingani, ayniqsa o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi.

Prezidentimizning xalqaro minbarda so‘zlagan ushbu nutqlari biz uchun dasturi amal, bildirgan har bir taklif va tashabbuslari kelgusida mas’uliyat bilan amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan burch va vazifamiz bo‘lishi lozim.

Bugun ta’lim sohasida raqobat kuchaymoqda, yangi transformatsiyalar urfga kirmoqda. Shunday shiddatli davrda professor-o‘qituvchilarimizning zamonaviy ta’lim texnologiyalardan unumli foydalanishi, ustoz-shogird an’analarining mustahkamlanib borayotgani, yangi o‘quv-ilmiy adabiyotlarning yaratilishi, xalqaro universitetlar, xalqaro minbarlarda o‘qilayotgan ma’ruzalar, turli yo‘nalishlarda qilinayotgan ilmiy yangiliklar, o‘ylaymanki, Milliy universitetning mintaqamiz, qolaversa, jahon ilm-fan tamaddunida ham o‘z o‘riniga ega ekanligini isbotlab kelmoqda.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunda universitetimizda jami 1200 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar asosiy shtatda faoliyat olib boradi, shundan, 11 nafar akademik, 240 nafar fan doktori, professorlar, 480 nafar fan nomzodi, dotsentlar ilmiy va pedagogik jarayonlarni tashkil etishga hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, universitetda “Xirsh” indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan 60 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilarimiz bor.

2025 yil sentyabr holatiga bo‘yicha universitet professor-o‘qtuvchilaridan 50 nafari, shundan, 9 nafar fan doktori (DSc), 41 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun doktorlik dissertatsiyalarini muvafaqiyatli himoya qildi.

Ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan olimlar uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarimiz yanada samarali, izchil davom etib boraveradi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir!”

Barchangizga shu sharafli yo‘lda olib borayotgan samarali faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo‘lsin!

Hamisha sog‘-omon bo‘linglar!

Inom MADJIDOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori