
Qadrli hamkasblar,
hurmatli professor-o‘qituvchilar! Aziz talaba-yoshlar!
Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va bag‘rikenglik ramziga aylangan fayzli ayyom Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
Shukrlar bo‘lsinki, Yaratganning nazari tushgan muqaddas yurtimiz o‘z taraqqiyot yo‘li sari dadil odimlab bormoqda. Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari, olijanob xalqimizning ezgu maqsad yo‘lida birdamligi tufayli amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Bugungi tarixiy o‘zgarishlar davrida ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan mas’ullar, pedagoglar, professor-o‘qituvchilar zimmasidagi mas’uliyat yuki ham ortib boraveradi.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash o‘rinliki, universitetimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori, nufuzi tobora mustahkamlanib bormoqda. Jamoamiz bilan qator quvonchli yutuqlarni qarshi olyapmiz.
O‘zbekiston Milliy universitetining dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida (QS World University Rankings 2025) 781-790-o‘rinlarni qayd etib, TOP-1000 universitetlar qatoridan joy olgani respublikamiz miqyosidagi samarali natija bo‘ldi.
Times Higher Education (THE) xalqaro oliy ta’lim tahliliy agentligining 2025-yil uchun dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi – THE World University Rankings-2025 natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Milliy universiteti top 1000 talikda e’tirof etildi.
“World University Rankings 2025 by Subject” — fanlar bo‘yicha dunyoning eng nufuzli oliygohlar ro‘yxatida fizika fanlari soxasida 601-800 o‘rinlarni qayd etdi.
“QS World University by Subject Rankings 2025” natijalariga ko‘ra, 3 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha eng kuchli universitetlar qatoridan joy oldi, jumladan, “Matematika” bo‘yicha 401-450, “Zamonaviy tillar” bo‘yicha 301-350, “Fizika va astronomiya” bo‘yicha esa 601-675-o‘rinlarni egalladi.
Bu muvaffaqiyatlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni yanada mukammal, mas’uliyat bilan bajarishga undaydi, yangi-yangi marralarni belgilab beradi.
El-yurt xizmatida sadoqat, fidoyilik va halollik bilan mehnat qilayotgan Siz aziz ustozlarimiz, ilmdek sharafli yo‘ldan dadil odimlayotgan navqiron farzandlarimizni yana bir karra muqaddas ayyom bilan tabriklab, kattadan-katta muvaffaqiyat va zafarlar, kuch-quvvat tilayman!
Ahli xonadonlarimizga totuvlik, fayzu baraka ato etsin, yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik bersin!
Barchamizga mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Inom Madjidov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori