Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universiteti va Boku muhandislik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandum imzolandi

Bugun, 27-noyabr kuni, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Boku muhandislik universiteti rektori Yagub Piriyev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Rahima Shirinova, Kimyo va Iqtisodiyot fakultetlari dekanlari ham ishtirok etdilar.

Suhbat chog‘ida tomonlar ikki oliy ta’lim muassasasining joriy faoliyati, so‘nggi yillardagi yutuqlari, ilmiy va akademik yo‘nalishlardagi ustuvor maqsadlari haqida batafsil fikr almashdilar. Uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini keng qamrovda muhokama qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qildi.

Xususan, uchrashuv davomida qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarni doktorantlarga ilmiy rahbar sifatida jalb etish, Scopus bazasidagi nufuzli jurnallarda qo‘shma ilmiy maqolalar sonini oshirish, shuningdek injiniring, kimyo va iqtisodiyot yo‘nalishlarida barqaror ilmiy hamkorlik tashabbuslarini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida rektorlar o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladilar. Ushbu hujjat kelgusida belgilangan loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, ilmiy-texnik va ta’limiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zMU Axborot xizmati