Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan.

Ushbu kunda sohalarga mas’ul rahbarlar mahallalar va ta’lim muassasalariga borib, yoshlar bilan uchrashadi, ularning muammo va takliflarini eshitib, yechim topish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida ayni paytda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Toshkent viloyatilik bitiruvchi talabalar uchun ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, barcha tuman va shahar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, ta’lim tashkilotlari mas’ullari, boshqarma va idoralar rahbarlari, bank-moliya muassasalari vakillari hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etmoqda.

Muloqot norasmiy, samimiy va ochiq formatda o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakat rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi davomida mas’ullar oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib, ayniqsa ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, bitiruvchi talabalarga ish o‘rni yaratish, ularning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Muloqotdan so‘ng boshqarma va tashkilotlar hamda har bir tuman va shahardan kelgan mas’ullar ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Unda bitiruvchi talabalar o‘zlariga mos ish o‘rinlari bilan tanishib, qiziqtirgan savollariga javob olmoqda.

Ayrim yosh bitiruvchilarga ma’qul kelgan ish o‘rinlari bo‘yicha shu joyning o‘zida ish beruvchi tashkilotlar bilan shartnomalar ham imzolanmoqda.


Ma’lumot o‘rnida, Milliy universitetda Toshkent viloyatining o‘zidan bu yil 1289 nafar bitiruvchi talaba tahsil olmoqda.
Jarayon davom etadi.