Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida «Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash» mavzusida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universitetida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda muhim uchrashuv tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mas’ullar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Jabbor Muhammadiyev hamda talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha rektor maslahatchisi Jahongir Jabborov o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Tadbir avvalida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash” mavzusiga bag‘ishlangan, ekstremizm va radikalizmning salbiy oqibatlari hamda ma’rifatning jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rnini yorituvchi tahliliy videorolik namoyish etildi. Unda yoshlar ongida sog‘lom qarashlarni shakllantirish, turli g‘arazli oqimlar ta’siriga qarshi ma’rifiy immunitetni kuchaytirish lozimligi alohida uqtirildi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova so‘zga chiqib, jaholat va ekstremizmning zamonaviy ko‘rinishlari, ularga qarshi ma’rifat orqali kurashishning ahamiyati, diniy savodxonlikni oshirish, sof islom qadriyatlarini keng targ‘ib etish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ma’rifiy muloqot davomida yoshlar o‘rtasida sog‘lom fikrni shakllantirish, ularni turli g‘arazli g‘oyalar ta’siridan asrash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari ma’rifatning jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni haqida fikr almashdilar hamda bu kabi uchrashuvlarni doimiy tashkil etish muhim ekanini ta’kidladilar.

O’zMU Axborot xizmati