Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida Kasaba uyushmasi tashkilotining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh Kengashining 2024-yil 21-dekabrdagi IX-3-sonli qarori qabul qilinib, 2025 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimidagi kasaba uyushmalari organlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazishga start berildi.

Shu asosda, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2024-yil 27-dekabrdagi 15-6-sonli qarori hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Ijroiya qo‘mitasining 2025 yil 9 yanvardagi 11-2-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorlar asosida boshlang‘ich tashkilotlarda 2025-yil yanvar-aprel oylarida hisbot-saylovlarni o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi qarorlardan kelib chiqib, 2025-yil 26-mart kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushmasi tashkilotining navbatdagi hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada kasaba uyushma tashkilotlardan saylangan delegatlar hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi raisi A.Raxmonov, universitet prorektorlari, dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlari ishtirok etdilar.

Delegatlar bir ovozdan O‘zbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushmasi tashkilotining konferensiyalar oralig‘ida amalga oshirgan ishlarini qoniqarli deb hisoblash bo‘yicha qaror qabul qildilar.
Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra muqobillik asosida yopiq ovoz berish orqali o‘tkazilgan saylovda Xudaynazarov Olimjon Alinazarovich Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib saylandi. Shuningdek, konferensiya ishida delegatlar tomonidan 21 kishidan iborat Kasaba uyushma qo‘mitasi a’zolari ham saylandi.

Bundan tashqari yig‘ilishda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ma’muriyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan Jamoa shartnomasining 2024-yildagi ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Ish beruvchi va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar, hisobotlar bo‘yicha muzokaralardan so‘ng Jamoa shartnomasining 2024-yildagi ijrosini qoniqarli deb hisoblash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

O‘zMU Axborot xizmati