O‘zbekiston Milliy universitetida yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, axloqiy va ma’naviy tamoyillarni hayotga tatbiq etish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ongli munosabat bildirish hamda faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan “Kelajak soati” mashg‘ulotlarining navbatdagi darsi o‘tkazildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida talabalarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini chuqur anglatish, ularda mustaqil fikrlash va erkin fikrini ifoda etish ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Darsni “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev olib bordi. U o‘z ma’ruzasida yoshlarga milliy adabiyot va jurnalistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ma’naviy merosni asrash va yangi avlod ongida ma’naviy-ma’rifiy immunitetni shakllantirish masalalari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida talabalar bilan qizg‘in muloqot tashkil etildi. Ularda zamonaviy dunyoda axborot madaniyati, axborot manbalarini tahlil qilish, tanqidiy fikrlash va ijtimoiy faollikni oshirish kabi dolzarb mavzular yuzasidan faol fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

“Kelajak soati” darsi talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash va yurtimiz kelajagi uchun mas’uliyatli, bilimli va tashabbuskor avlod sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
