Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti” VIII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning “Strateglarning Markaziy Osiyo universitariumi” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli ilmiy tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti Davlat va korporativ strategiyalar kafedrasi, Navoiy davlat tog‘-kon texnologiyalari universiteti Mintaqaviy va korporativ strategiyalar kafedrasi, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva iqtisodiyot maktabining Iqtisodiy va moliyaviy strategiya kafedrasi, shuningdek, MDU Murakkab tizimlarni matematik tadqiqotlar instituti va Strategik tadqiqotlar markazi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyani O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori Inom Madjidov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida mazkur anjuman nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki strategik tafakkurni rivojlantirish, yangi ilmiy g‘oyalar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, u strategik boshqaruv va rejalashtirish sohasida global miqyosdagi ilmiy integratsiya O‘zbekiston Milliy universitetining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.

Konferensiya doirasida Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, akademik, jahon miqyosida tan olingan iqtisodchi olim, iqtisod fanlari doktori, professor Vladimir Lvovich Kvintning ma’ruzasi tinglandi. Professor o‘z chiqishida strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasining zamonaviy tendensiyalariga, shuningdek, Xalqaro strategiyalash maktabini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ilmiy tahlillari va chuqur fikrlari ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Professor Kvint o‘z nutqida strategik tafakkurning davlat boshqaruvi, iqtisodiy barqarorlik va korporativ rivojlanishdagi ahamiyatini keng tahlil qilib berdi hamda bu boradagi global tajriba asosida dolzarb ilmiy xulosalar bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Moskva iqtisodiyot maktabi Iqtisodiy va moliyaviy strategiya kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori Irina Novikova “Strategiyani ishlab chiqishda iste’dodlarni tahlil qilish yondashuvlari” mavzusida qiziqarli ma’ruza taqdim etdi. Unda zamonaviy strategik rejalashtirishda inson kapitalining o‘rni, iste’dodlarni tahlil qilish usullari va ularni strategik qarorlar qabul qilishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Anjumanda O‘zbekiston Milliy universitetining yetakchi olimlari ham faol ishtirok etishdi. Jumladan, Davlat va korporativ strategiyalar kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Avazbek Sadikov, shu kafedra professori, iqtisod fanlari doktori Asror O‘runov, Makroiqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Abdurahim Vahobovlar o‘z ilmiy mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, mavzu doirasida dolzarb fikrlarni ilgari surishdi.

Anjuman doirasida “Markaziy Osiyo mintaqasida strategik rejalashtirish nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi yalpi majlis bilan bir qatorda, “Strateg kutubxonasi”, “Kuzbass strategiya kutubxonasi”, “Rossiya Uzoq Sharq strategiya kutubxonasi” hamda “Iqtisodiy va moliyaviy strategiya” jurnali taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu nashrlar zamonaviy strategik fikrlash, iqtisodiy tahlil va innovatsion boshqaruv masalalarida muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etildi.

Mazkur xalqaro konferensiya Markaziy Osiyo miqyosida strategik rejalashtirish nazariyasi va amaliyotini yanada rivojlantirish, akademik aloqalarni mustahkamlash hamda strategik tafakkur madaniyatini keng yoyish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Tadbir ilm, amaliyot va xalqaro hamkorlikning uyg‘unligi timsoliga aylandi.
