Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi

Xalqimiz azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan. “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Zero, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, ona tabiatga mehr va e’tibor bersak kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda yurtimizda daraxt ekish umummilliy harakatga aylandi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ekologik vaziyatni yanada yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishlariga milliy yechim sifatidagi noyob loyiha bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy universitetida mamlakatimizda yashil maydonlarni kengaytirishga hissa qo‘shish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali…” shiori ostida ko‘chat ekish marafoni o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan marafonda Toshkent shahrida joylashgan 5 ta oliy ta’lim muassasalari jamoalari, rahbariyat vakillari, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, tuyutorlar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Aksiya doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti hududidagi maydonda 1000 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi.

O‘zMU Axborot xizmati