O‘zbekiston Milliy universitetida zamonaviy nanotexnologik uskuna ishga tushirildi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori bugun universitet huzuridagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida rektor markazga yaqinda olib kelingan zamonaviy uskuna — Thermo Scientific Apreo ChemiSEM skanerlovchi elektron mikroskopini ko‘zdan kechirdi hamda uning ilmiy-tadqiqot jarayonlaridagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Rektor markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berdi.

Thermo Scientific Apreo ChemiSEM skanerlovchi elektron mikroskopi nanotexnologiya, nanomaterialshunoslik, metallurgiya va mineralogiya sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borishda keng imkoniyatlar yaratadi. Qurilma nanomateriallarning o‘lchami, morfologiyasi hamda elementar tarkibini nanometr darajasida yuqori aniqlikda tahlil qilish imkonini beradi.

Mikroskop zamonaviy detektorlar va yuqori aniqlikdagi optik tizim bilan jihozlangan bo‘lib, uning ajratish qobiliyati 1 nanometrgacha yetadi. Shuningdek, qurilma EDS (energiya-dispersiv rentgen spektroskopiyasi) texnologiyasi yordamida namunalarning kimyoviy tarkibini aniqlash hamda elementlarning fazoviy taqsimlanishini xaritalash imkonini beradi. Mazkur imkoniyat, ayniqsa, yarimo‘tkazgichli va kompozit materiallarni kompleks o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu uskuna nanotexnologiyalar, ilg‘or materialshunoslik, energetika (quyosh elementlari va litiy-ion batareyalar), mikroelektronika, kimyo va biologiya yo‘nalishlarida fundamental hamda amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi materiallar yaratish, mavjud texnologiyalarni takomillashtirish hamda sanoatga innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim ilmiy-texnik baza vazifasini bajaradi.

O’zMU Axborot xizmati