Toshkentda “QS Eurasia Forum – 2025” bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq mamlakatlarining oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, hukumat idoralari hamda xalqaro tashkilotlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Forumda QS reyting agentligi prezidenti va Boshqaruv Kengashi raisi Nunsio Kvakvarelli shaxsan ishtirok etib, QS reytinglarida universitetlar ishtiroki yil sayin kengayayotgani, mintaqa oliy ta’lim muassasalarining global bilim maydonida faollik va raqobatbardoshlikni kuchaytirayotganini alohida qayd qildi.

Tadbir doirasidagi tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti 2026-yil uchun e’lon qilingan QS World University Rankings’da dunyoning eng yaxshi universitetlari qatorida 721–730-o‘rinlarni egallagani uchun mukofotlandi. Guvohnomani O‘zMU rektori Inom Madjidov Nunsio Kvakvarellidan tantanali ravishda qabul qilib oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti QS Stars reytingida ⭐️⭐️⭐️⭐️ (4 yulduz) toifasiga loyiq topilgani munosabati bilan maxsus sertifikat va statuetka bilan taqdirlandi.

Nunsio Kvakvarelli O‘zbekiston Milliy universitetining mamlakat miqyosidagi yetakchi bilim va kadrlar tayyorlash markazi ekani, ilmiy tadqiqotlar orqali global muammolar yechimiga hissa qo‘shayotgani va xalqlar o‘rtasidagi madaniy-akademik muloqotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi haqida alohida ta’kidladi.
O‘zMU Axborot xizmati