19-20-may kunlari O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbek-Fransuz universiteti: istiqbollari va taraqqiyoti” mavzusida oliy ta’lim forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forum doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda O‘zbekiston va Fransiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari, jumladan, Puate, Renn, Lion-2, Gavr-Normandiya kabi nufuzli fransuz universitetlari rahbarlari ishtirok etib, ta’lim sifatini oshirish, muhandislik yo‘nalishidagi kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Departament rahbari Odil Abdurahmonov, Fransiya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Anne-Mari Deskot, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aureliya Bushe, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov hamda delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.

Majlisda Fransiya oliy ta’lim tizimidagi asosiy mezonlar, muhandislik ta’limi tajribalari, tadqiqot muassasalari faoliyati hamda o‘zbek talabalarining imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan transformatsiya va islohotlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Tadbir yakunida savol-javoblar va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman ikki davlat o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, istiqboldagi qo‘shma loyihalar va ta’lim dasturlarini muhokama qilish, shuningdek, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilmoqda.

Anjuman ikki tomonlama uchrashuvlar formatida davom etmoqda.
O‘zMU Axborot xizmati