Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston va Germaniya OTMlari o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda

18-19-noyabr kunlari Germaniyaning Berlin shahrida O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum ikki davlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida ilmiy-ta’limiy munosabatlarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va akademik almashinuv jarayonlarini kuchaytirishga qaratilgan nufuzli platforma hisoblanadi.

Ushbu tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi — birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev va Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Oxundodayev ishtirok etmoqda. Delegatsiya forum doirasida Germaniyaning yetakchi ta’lim va tadqiqot muassasalari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Milliy universiteti Leybnis nomidagi Gannover universiteti va Märkisches innovatsiya va texnologiyalar ilmiy tadqiqot instituti bilan ilmiy-innovasion yo‘nalishlarda hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi. Ushbu kelishuvlar qo‘shma tadqiqotlar, innovatsion loyihalar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, universitet Berlin texnika universiteti va Bremen universiteti bilan ham o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Mazkur hamkorliklar ta’lim sifatini oshirish, qo‘shma magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish va xalqaro grantlarda ishtirok imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Yangi imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy aloqalarning o‘sayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.