Bugun, 6-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti tomonidan “O‘zbekistonda geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“Soha iftixori” ko‘krak nishoni sohibi, texnika fanlari nomzodi, Geodeziya, kartografiya va kadastr kafedrasining dotsenti Xamidxon Muborakov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan mazkur anjumanda 10 dan xorijiy mamlakatlardan yetuk olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda olib borilayotgan turli ko‘lamdagi geodezik-kartografik tadqiqotlarning natijalari, dolzarb muammolari va istiqbolli yo‘nalishlari xususida so‘z bordi, o‘zaro tajriba almashildi.
Xususan, hozirgi zamon geodeziya, kartografiya, masofadan zondlash, Geografik axborot tizimlari (GAT), davlat kadastrlari fanlarining dolzarb nazariy, metodologik va amaliy muammolari muhokama qilindi. Bu muammolarni hal etishda O‘zbekiston va xorij olimlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ahamiyati, imkoniyatlari va istiqbol yo‘nalishlari belgilab olindi.
Xalqaro anjuman doirasida ilmiy-amaliy tajriba almashildi, geodezik, kartografik tadqiqotlarning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha hamda soha amaliyoti uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zMU Axborot xizmati