Shu yilning 24–25-oktyabr kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekistonda geoinformatika: rivojlanishi va istiqbollari” (InterCarto. InterGIS: 31 va GI 2025) mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyasining ikkinchi qismi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur konferensiya 2025-yil 6–11-oktyabr kunlari Rossiyaning Perm va Kudımkar shaharlarida boshlangan bo‘lib, uning Toshkentdagi davomi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Xitoy, Germaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va magistrantlar ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida geoinformasion texnologiyalar orqali ijtimoiy-tabiiy tizimlarning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, geoinformasion modellashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilishning yangi usullari, shuningdek, yerni masofadan zondlashning zamonaviy tadqiqot usullari masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, ijtimoiy-demografik jarayonlar hamda jamoat salomatligi tadqiqotlarida xaritalar va GAT texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xatarlarni boshqarish, hamda madaniy va tabiiy merosni saqlashda geoinformasion texnologiyalarning o‘rni bo‘yicha fikr almashildi.
Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish, barqaror rivojlanish masalalari, shuningdek, shahar ekologiyasi va rejalashtirish sohasida GAT texnologiyalaridan samarali foydalanish yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar, tajriba almashish sessiyalari, poster taqdimotlar va interaktiv muhokamalar tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etish bilan birga, geoinformatika sohasining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Konferensiya yakunida faol ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va keyingi yillarda ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.