Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirishda ayollarning o‘rni

Oʻzbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetida O‘zbekiston Respublikasi Olima uyushmasi tashabbusi bilan 11-fevral — Ilm-fan sohasidagi ayol va qizlar xalqaro kuni munosabati bilan “O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirishda ayollarning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi “Olima” uyushmasi raisi, t.f.d., professor Rahbar Murtazayeva, universitet “Olima” uyushmasi raisi, professor Mavluda Zohidova, universitetning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Ra’no Rustamova, shuningdek fakultet “Olima” uyushmalari raislari, tayanch doktorantlar, magistrantlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Seminar fakultet “Olima” uyushmasi raisi, dotsent Muyassar Mamatqulova kirish so‘zi bilan ochildi. U o‘z nutqida mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini jadal rivojlantirish jarayonida xotin-qizlarning ilmiy salohiyati, innovatsion tashabbuslari va tadqiqot natijalari muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan olima va tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari hamda istiqbolli loyihalarini muhokama qilish, o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olishdan iborat ekani qayd etildi.

Seminar davomida “Yil ayoli – 2025” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi, t.f.d., professor Dildora Muhammadiyeva, universitet kafedrasi professori Lyudmila Varlamova, “Axborot tizimlari” mutaxassisligi 2-bosqich magistranti, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi M.Rahimova, shuningdek tayanch doktorant Mohinabonu Qobulova mazmunli ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Ma’ruzalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, raqamli transformatsiya jarayonlarida xotin-qizlarning faol ishtirokini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar kelgusidagi ilmiy loyihalar doirasida amalga oshirilishi belgilab olindi.