2025-yilning 24–25-oktyabr kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi delegatsiya Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iz Milliy universitetining 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro forum va tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Rektor I. Madjidov so‘zga chiqib, Qirg‘iz Milliy universiteti rahbariyati va jamoasini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi hamda ularning ilmiy-pedagogik faoliyatida, shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Forumda Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Kabineti raisi Adilbek Kasimaliyev, Qirg‘iziston Respublikasi Ilm, oliy ta’lim va innovatsiyalar vaziri Baktiyar Orozov, Maorif vaziri Dogdorgul Kendirbayeva, shuningdek Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillari ham tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning Farmoniga muvofiq, Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iz Milliy universiteti III darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu oliy mukofotni Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Kabineti raisi Adilbek Kasimaliyev universitet rektori, professor Dogdurbek Chontoyevga tantanali ravishda topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-fevral kuni Jusup Balasagin nomidagi Qirg‘iz Milliy universiteti rektori professor Dogdurbek Chontoyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida ikki universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlik haqidagi memorandum imzolandi. Shuningdek, D. Chontoyev O‘zbekiston Milliy universiteti rektorini Qirg‘iz Milliy universitetining 100 yillik yubiley tantanalarida ishtirok etishga taklif etgan edi. (https://t.me/nuu_uz/18579)