Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlarining jismoniy tarbiya va sportning ommaviy turlariga qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yil xalq bilan” bosh g‘oyasi asosida “11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni”ga bag‘ishlab “Sport – salomatlik garovi” sport musobaqalari tashkil etildi.

Ushbu musobaqalar O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi tomonidan joriy yilning 13–14-noyabr kunlari poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘tkazildi.

Mazkur musobaqalarda O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi a’zolari mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, darts va badminton yo‘nalishlarida faol ishtirok etdilar.
Qizg‘in bahslardan so‘ng O‘zMU vakillari quyidagi yutuqlarga erishdi:
- Erkaklar o‘rtasida stol tennisi musobaqasida Iqtisodiyot fakulteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Burchanov Axtam Usmonovich 1-o‘rinni egalladi;
- Erkaklar o‘rtasida badminton yo‘nalishida Taekvondo va sport faoliyati fakulteti o‘qituvchisi Quchqarov Behzod Ozodovich 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Ijtimoiy fanlar fakulteti professori v.b., falsafa fanlari doktori Yusubov Jaloliddin Qadamovich darts yo‘nalishida “Eng mohir mergen” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

Musobaqalarning barcha g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Universitet rahbariyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi nomidan barcha g‘olib va sovrindorlarni samimiy tabriklaymiz hamda ularga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zMU Axborot xizmati