Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU olimasi “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Joriy yilning 14-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining 23 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirning taqdirlash marosimida taniqli olima, O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Rahbarxon Murtazayeva Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazining “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengayib, natijada xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, xorijiy mamlakatlarga madaniy-ma’rifiy safarlar, tarixiy qadamjolarga ekspeditsiyalar tashkil etilib, ularda O‘zMU professor-olimlari, talaba-yoshlar ishtirok qilib kelmoqda.      

  Professor Rahbarxon Murtazayeva ShHT doirasida O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy aloqalarini rivojlantirishda katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda.      Ma’lumot uchun, “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish, ShHT maqsadi, vazifasi va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hamda asosiy tamoyillarini targ‘ib etishga yo‘naltirilgan faoliyatni rag‘batlantirish va taqdirlash maqsadida 2021-yilda ta’sis etilgan.

Mazkur ko‘krak nishoni bilan tashkilotga a’zo davlatlarda xalq diplomatiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan davlat arboblari, olim, yozuvchi, fan, san’at va madaniyat sohasi vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, yoshlar va xotin-qizlar alohida xizmatlari uchun taqdirlanadilar.

Universitet rahbariyati Rahbarxon Hamidovna Murtazayevani ushbu mukofot bilan samimiy qutlab, ilm yo‘lidagi ishlariga omadlar tilaydi.

O’zMU Axborot xizmati