Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘ZMU “SHHT AMALDA: YANGI O‘ZBEKISTON TASHABBUSLARI” DAVRA SUHBATIGA MEZBONLIK QILDI

Mazkur tadbir O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. Unda 20 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarning vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va qo‘mita xodimlari, 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, joriy yilning 31 avgust-1 sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 25-yig‘ilishi hamda SHHT plyus formatidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Ularda mamlakatimiz rahbari tashkilot doirasida va xalqaro miqyosdagi global masalalar yuzasidan bir qancha muhim taklif va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ma’ruza bilan ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Tyanszin sammitida bildirilgan yangi taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyatini ommalashtirish hamda keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida shu yilning 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “SHHT amalda: Yangi O‘zbekiston tashabbuslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbati moderatori, O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov Prezident Sh.Mirziyoyev SHHTning siyosiy asoslarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarining mazmun-mohiyatiga, tashabbuslar avvalgi sammitlarda bildirilgan fikrlarning mantiqiy davomi ekanligiga qisqacha to‘xtalib, ularni keng jamoatchilik, soha mutaxassislari bilan muhokama qilish, amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilish zarurligini aytib o‘tdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfan o‘zining onlayn videomurojaatida Xitoyda bo‘lib o‘tgan sammit tafsilotlariga to‘xtalar ekan O‘zbekiston rahbariyati tomonidan bildirilgan tashabbuslar SHHTni institusional rivojlanishi uchun ham muhimligini, qolaversa a’zo davlatlar manfaatiga ham birdek xizmat qilishi jihatidan “Shanxay ruhi” tamoyillariga to‘la mos kelishini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori R.Shirinova davra suhbatiga yig‘ilgan mehmonlarni qutlab, Prezidentimizning SHHT doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “SHHT universiteti” onlayn kampusini tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov hamda olimpiadalar o‘tkazish kabi tashabbuslari ta’lim, ilm-fan va texnologiyalar almashinuvini jadallashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Milliy universitet professori, O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi R.Murtazayeva Yangi O‘zbekiston tashabbuslari avvalo inson manfaatlari uchun, qolaversa jamiyatni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy farovonlikka erishishni ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekangini aytib o‘tdi. Shuningdek tashabbuslarni hayotga tadbiq etishda faol xotin-qizlar, ayniqsa olima ayollar ham o‘z ilmiy faoliyatidan kelib chiqib hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Sh.Raxmatov O‘zbekiston tashabbuslari o‘ndan ortiq sohalarni qamrab olganligini, ular umumiy xavfsizlik, barqarorlik, madaniyatlararo muloqot, iqtisodiy integratsiya, transport-logistika koridorlarini kengaytirish kabi jihatlarni o‘z ichiga olib, mazkur tashabbuslarni amalga oshirish Markaziy Osiyoni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub bilan bog‘lashda “SHHT yadrosi”ga aylanish imkonini berishi hamda ko‘p qutblilik prinsiplarinini mustahkamlashda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

SHHT makonida o‘zaro aloqalar parlamentlararo muloqot platformasi doirasida parlament diplomatiyasi darajasiga ko‘tarilib bormoqda. Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati D.Fayziyeva SHHT makonida qonunchilik sohasida, parlamentlararo hamkorlik aloqalarida ham katta ijobiy o‘sish dinamikasini kuzatish mumkinligi aytib o‘tdi. Bu borada tashkilotga a’zo davlatlar qonun chiqaruvchi organlarining samarali hamkorligi muhim omil ekanligi e’tirof etildi.

Davra suhbatida shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i F.Hakimov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakili N.Yusupov, Madaniyat vazirligi vakili M. Mirg‘iyosov SHHT sammitida bildirigan O‘zbekiston tashabbuslarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Davra suhbati yakunida O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi mudiri, professor K.Saipova Tyanszin sammiti O‘zbekistonning mintaqaviy va global masalalardagi faol pozisiyasini yana bir bor namoyon etganligi, O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro maydonda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimiz nufuzining ortib borayotganidan dalolat berishini, qolaversa davra suhbati yangi o‘quv yili boshida Universitetimizda tashkil etilgani, oliygohimizga yangi qadam qo‘ygan talaba-yoshlar uchun tashkil etilgan mustaqillik darslari bilan hamohang tarzda o‘tkazilgani ham foydali bo‘lganligini ta’kidladi. Buning uchun O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Qosimovichga minnatdorlik bildirildi.

Tyanszin sammiti va uning doirasida Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan takliflar va g‘oyalar Tashkilotning siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorligini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, ular nafaqat mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka, balki umumiy Yevroosiyo makonida uzoq muddatli tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekiston tashabbuslari SHHT a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlab, “Shanxay ruhi”ning amaldagi ifodasi sifatida dunyo hamjamiyatiga muhim signal yubormoqda. Xususan, yadro xavfsizligi, ekologik barqarorlik, transport va savdo sohasidagi loyihalar, ta’lim va madaniy almashinuvlar keng qamrovli hamkorlikning barqaror asosini yaratmoqda.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekiston tashabbuslari SHHT doirasida nainki amaliy samaradorlikni oshirish, balki tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga ham xizmat qiladi. Ushbu tashabbuslarning izchil amalga oshirilishi mintaqaviy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirib, xalqlarimizga farovonlik, taraqqiyot va barqaror kelajakni taqdim etishi mumkin.