Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMU va Zaltsburg universiteti – hamkorlik yo‘lida


Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Avstriyaning Zaltsburg universiteti O‘rtasida «Amaliy geoinformatika» magistratura mutaxassisligida ikki yoqlama diplom xalqaro dasturi  yo‘lga qo‘yildi.

Ma’lumki, mazkur universitet bilan 2019 yilda qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik kelishuvlari boshlangan edi va 5 bosqichli hamkorlik yo‘nalishlari amalga oshgandan so‘ng ya’ni : talabalar almashinuvi, doktorant va O‘qituvchilar almashinuvi, Erasmus dasturlarida ishtirok, xamkorlikda xalqaro konferentsiya va 2020 yil yilda «E-learning center DSinGIS:Docroral Studies in Geoinformation Sciences» elektron o‘quv markazi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu hamkorlik ikki yetakchi OTM O‘rtasidagi ko‘p yillik samarali hamkorlik natijasida yaratildi va bugun Zaltsburg universiteti bilan «Amaliy geoinformatika» 1+1 magistratura mutaxassisligida kadrlar tayyorlash rasmiy hujjat- Ikki yoqlama diplom shartnomasi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur universitet rektori geologiya fanlari doktori Dr. Bernhard Fügenschuh ikki universitet o‘rtasidagi 7 yillik faol hamkorlikni ya’ni xalqaro ilmiy va taʼlim platformalarida hamkorlik, Erasmus+ va boshqa xalqaro loyihalarda ishtirok, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, tajriba almashinuvi, geoinformatika va turdosh fanlar bO‘yicha xalqaro konferentsiyalar va forumlarda doimiy ishtirokni yuqori baholadi.

Ma’lumot  o‘rnida

Zaltsburg universiteti (Paris Lodron Universität Salzburg) esa, o‘z navbatida, Z_GIS Geoinformatsiya fanlari markazining geoinformatsion tadqiqotlar sohasidagi innovatsion faoliyati  tufayli jahon miqyosida yetakchi universitet sifatida tan olingan.

Universitet 1622 yilda tashkil topgan bO‘lib, 2025 yilda QS  reytingida 601-610, Times Higher Education reytingida esa 601-800 oralig‘ida baholangan hamda QS Barqarorlik Reytingida 372-o‘rinni egallab kelmoqda.

Tashrif davomida O‘zMU delegatsiyasi Avstriyaning Zaltsburg universitetning Z_GIS geoinformatika yo‘nalishidagi o‘quv-ilmiy laboratoriyalar bilan tanishdi.

iDEAS:lab— Zaltsburg universitetining interfaol o‘quv laboratoriyasi bo‘lib, fan, texnologiya va ta’lim innovatsion usulda ilmiy tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan. Bu yerda haqiqiy va virtual dunyolarni bog‘lab, kelajakni shakllantiradigan raqamli yer texnologiyalari hamda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning turli imkoniyatlarini ishlab chiqish bilan integratsiya asosida loyihalar yaratiladi.

Hamkorlik doirasida Erasmus loyihalarni amalga oshirish orqali talabalar, magistrlar va doktorantlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish masalalari ijobiy hal qilindi. Zaltsburg universiteti rahbariyati ko‘p yillik hamkorlik uchun xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinovaga Avstriya Akademik tarmog‘iga a’zolik sertifikatini topshirdi. Mazkur hujjat asosida universitet professor-o‘qituvchilari ko‘p tomonlama hamkorlikni ta’minlovchi platforma orqali ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, Zaltsburg universiteti O‘zMU bilan hamkorlikda Avstriya Fanlar akademiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan tanlovga taqdim etiladigan “Geospatial sharing platform for Central Asia” va “Tien Shan tourism development: statistics, directions and problems” loyihalarini muhokama qilishdi va natijada mazkur loyihalar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi hamda moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida kelgusi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun strategik reja ishlab chiqish va belgilangan muddatda onlayn uchrashuvlar orqali monitoring olib borishga kelishib olindi.

 



Xalqaro aloqalar bo’limi.