Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan eng dolzarb masalalardan biri – bu global hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘z faoliyatiga chuqur singdirishdir.
Shu nuqtayi nazardan, O’zMU strategik rivojlanish va xalqaro reyting bo‘limi boshlig‘i Alijon Oripov 18-25-may kunlari Portugaliyaning Porto universitetida tashkil etilgan “International staff training week’25” haftaligida faol ishtirok etdi.
Mazkur haftalik Yevropa, Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyo mintaqalardagi nufuzli universitetlar vakillarini bir joyga jamlab, tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va oliy ta’lim oldida turgan global muammolarni birgalikda muhokama qilish uchun keng imkoniyat yaratdi.
Alijon Oripov ushbu haftalik davomida xalqaro loyihalar bilan ishlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘yicha ushbu ujiversitetning yondashuvlarni o‘rganish, akademik mobillikni rivojlantirish, hamda oliy ta’limda BMT barqaror rivojlanish maqsadlarini (SDG) integratsiya qilish bo‘yicha amaliy tajribalarga doir seminarlarda ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Porto universitetining xalqaro rivojlanish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Migel Magalhães bilan o‘tkazilgan suhbat alohida e’tiborga loyiq. Unda Portu universitetining global reytinglarda yuqori natijalarga erishishiga sabab bo‘lgan asosiy siyosatlar va tashabbuslar haqida so‘z bordi. Jumladan, universitet qanday qilib SDG ko‘rsatkichlarini o‘zining strategik rejalashtirish jarayonlariga integratsiya qilgani, va qanday barqarorlik tashabbuslari, masalan, uglerod neytralligi, energiya tejamkorligi va SDGga oid ilmiy loyihalar va ularning xalqaro ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qilgani muhokama qilindi.





