Oldin xabar berganimizdek, ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Ravshan Musurmanov va Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Komil Inakovlardan iborat delegatsiya Xitoyda bo‘lib turibdi.
Shu yilning 12-14-may kunlari vakillarimiz Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo: ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarishga joriy etish” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etishdi. Anjuman doirasida Sinszyan universitetida tashkil etilgan oliy ta’limda xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminarlarda ham qatnashishdi.
15-16-may kunlari universitet delegatsiyasi a’zolari Siyan chet tillar hamda Shensi texnologiyalar universitetlarida bo‘lishdi. Tashrif davomida shu yilning iyun oyida O‘zbekistonda O‘zMU va Xitoy Xalq Respublikasining hamkor universitetlari ishtirokida O‘zbekiston-Xitoy madaniy forumini o‘tkazish va uning doirasida xitoy tili va o‘zbek tillarini o‘zaro o‘qitishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shensi texnologiyalar universiteti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zMU bazasida Sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish bo’yicha kelishuvga erishildi.

O‘zMU Axborot xizmati