O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy fanlar fakulteti Huquqiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining demokratik islohotlarning yangi bosqichidagi o‘rni, sud-huquq tizimidagi islohotlar, inson huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy asoslari hamda ekologik barqarorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosatiga oid normalarning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya davomida mamlakatimizning qonun ustuvorligiga asoslangan huquqiy davlat sifatida rivojlanish yo‘li, ijtimoiy siyosatning konstitutsiyaviy poydevori hamda davlat boshqaruvida dunyoviylik tamoyili yuzasidan ilmiy fikrlar bildirildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, soha prorektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, huquqshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar va iqtidorli talabalar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Mazkur anjuman Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab o‘tkazilib, siyosiy-huquqiy islohotlarga ilmiy yondashuvni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish hamda Konstitutsiyaning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
O’zMU Axborot xizmati