Bugun, 4-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida ochiq eshiklar tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitetning birinchi prorektori Jabbor Muhammadiyev ochib, ta’lim muassasasida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.



Shundan so‘ng O‘zMUning Korrupsiyaga qarshi kurashish “KN” TB bo‘limi boshlig‘i Shohnazar Gʻulomov nutq so‘zlab, o‘tgan o‘quv yilida aniqlangan korrupsion holatlar yuzasidan ko‘rilgan choralar, shuningdek, profilaktika va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil hisobot berdi.
Tadbir davomida Rektor maslahatchisi Jahongir Jabborov korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari xususida ma’ruza qildi. Shuningdek, universitet katta inspektori, podpolkovnik Alisher Abdulxaqov hamda O‘zMU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi Ra’no Rustamova o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.



Tadbir yakunida “9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan tashkil etilgan bir qator tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi. Jumladan, “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusidagi “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi plakat”, “Eng yaxshi maqola”, “Korrupsiyadan xoli ta’lim muassasasi” mavzusidagi “Eng yaxshi videorolik”, shuningdek “Antikorrupsiya bilimdoni” bilimlar bellashuvi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zMU Axborot xizmat