Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMUda “Kvant haftaligi” doirasida tadbirlar tashkil etildi

Bugun, 14-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat korporatsiyasi va Rossiya kvant markazining tashabbusiga ko‘ra Fizika fakulteti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda kvant haftaligi” doirasida tadbir tashkil etildi.

Unda O‘zMU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov, Texas universiteti professori Anvar Zohidov, Rossiya kvant markazi bosh direktori Maksim Ostras, ilmiy guruh rahbari Dmitriy Chermoshensev, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari, doktorant va talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi kvant hisoblashlari va texnologiyalari sohasida tabiiy-ilmiy fanlarni targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.

Soha mutaxassislarining “Inson miyasini o‘rganish uchun kvant sensorlar” («Квантовые сенсоры для изучения мозга») va “Kvant texnologiyalari: yangi chaqiriqlarga javoblar” («Квантовые технологии: ответы на новые вызовы ») mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirdan so‘ng Fizika fakultetida O‘zbekiston Milliy universitetida universitet qoshidagi S.X.Sirojiddinov akademik litseyi va Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari bilan soha mutaxassislari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda o‘quvchilarga kvant mexanikasi va texnologiyalarining asoslari to‘g‘risida ma’lumot berildi. O‘quvchilar tomonidan kvant effektlar asosida ishlaydigan detektor qurilma orqali fotonlarni bir nuqtadan boshqa nuqtaga yo‘naltirish bo‘yicha lazerli stol yordamida qiziqarli tajribalar amalga oshirildi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar o‘rtasida “kvant chigalligi” bo‘yicha musobaqa uyushtirildi. Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilarga “Rosatom” davlat korporatsiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zMU Axborot xizmati