
Ayni vaqtda O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti Arxeologiya va etnologiya kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari hamda “Antropologiya va etnologiya” yo‘nalishi 2-bosqich talabalaridan iborat ilmiy etnologik ekspeditsiya Jizzax viloyati Forish tumanidagi Mojrum qishlog‘ida amaliy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ekspeditsiya a’zolari shu yilning 2-iyunidan 14-iyun sanasiga qadar Forish tumanida bo‘lib, u yerda joylashgan tarixiy-etnografik turizm yo‘nalishida tashkil etilishi rejalashtirilgan obyektlarni etnologik o‘rganishadi. Mazkur ilmiy etnologik ekspeditsiya talabalar uchun katta tajriba, samarali amaliyot vazifasini bajarmoqda.