Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zMUning xalqaro reytinglarga chiqish tajribasi Qoraqalpog‘iston oliygohlari amaliyotiga tatbiq etiladi

15-avgust kuni Qoraqalpoq davlat universitetida xalqaro reytinglardagi o‘rinlarni yaxshilash, ilmiy-tadqiqot ishlari va ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Amanjol Ayapov, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Axmed Reymov hamda yetakchi professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Dastlab, rektor A. Reymov universitetning xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, xalqaro ilmiy bazalarda maqolalar chop etish, xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish, akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifalari sifatida ta’kidlandi.

Vazir Q. Sharipov O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarini xalqaro miqyosda tanitish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘nalishida davlat darajasida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarni alohida qayd etdi. U, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy faolligini rag‘batlantirish, xorijdagi nufuzli ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha strategik vazifalarni belgilab berdi.

Rektor I. Madjidov O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro reytinglarga chiqish bo‘yicha to‘plagan tajriba va erishgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu tajribalarni Qoraqalpoq davlat universiteti amaliyotiga tatbiq etish imkoniyatlari va istiqbollarini atroflicha bayon qildi.

Yakunda tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalar, seminar va treninglar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda o‘quv-uslubiy almashinuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi. Bu hamkorlik Qoraqalpoq davlat universitetining xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlash, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish va hududdagi ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zMU Axborot xizmati