O‘zbekiston Milliy universitetiga Pokistonning Bahriya universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Bahriya universiteti rektori Asif Xaliq, gumanitar fanlar kafedrasi dekani Adam Saud hamda xalqaro bo‘lim boshlig‘i Muhammad Avais Mehmud ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov hamda xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Oxundadayev qatnashdilar.

Uchrashuv davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar bu hujjat ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.