O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Olmazor tumanida joylashgan “Mirzo Gʻolib” mahallasida istiqomat qiluvchi talabalarning ijara xonadonlariga tashrif buyurib, ular bilan muloqot qildi.

Jumladan, Ijtimoiy fanlar, Xorijiy filologiya, Amaliy matematika, Matematika hamda Tarix fakultetlarining talabalari ijarada turuvchi xonadonlarga tashrif buyurilib, sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, rektor universitetga qarashli talabalar turar joylariga borib, u yerdagi talabalar holidan xabar oldi. Talabalar hamda mas’ullar bilan gaplashdi, tegishli fikr va tavsiyalar bildirdi.

Universitet rektori I.Madjidov boshchiligidagi tashrif davomida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev, rektor maslahatchisi Jahongir Jabborov, fakultet dekani Komil Inakov, shuningdek, yoshlar bilan ishlash tizimi mas’ullari tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, gaz jihozlari, isitish qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha talabalarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.

Ijara xonadonlari egalari bilan muloqot qilindi, talabalarning yashash sharoiti o‘rganildi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida tushuntirish ishlari olib borildi.

Rektor talabalar bilan suhbat qildi, ularning qiziqishlari, muammolari, taklif va mulohazalarini tingladi. Shuningdek, ularga ilmiy-ommabop, badiiy-didaktik turdagi kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi. Universitet rahbari yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

O‘zMU Axborot xizmati