18-fevral kuni Italiya poytaxti Rim shahridagi Roma Tre universitetida Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining Ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi. Ilmiy-innovatsion hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ushbu anjuman ikki mamlakat akademik doiralari oʻrtasidagi muloqot va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Komil Inakov ham ishtirok etdi. Xorijiy universitetlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Forum doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti va Bari Aldo Moro Universiteti (University of Bari Aldo Moro) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuv ikki tomonlama ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.