Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“Sharq allomalari ilmiy merosining jahon ilm-fanida tutgan oʻrni” mavzusida ilmiy-anjuman bo‘lib o‘tdi

12-may – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti tashkil etilgan sana. Bu yil universitetimiz o‘zining 106 yilligini nishonlamoqda. Ushbu sana munosabati bilan har yili an’anaviy ravishda talabalar va magistrlarning ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etiladi. Bu yil ham an’anaga sodiq qolgan holda Tarix fakulteti O‘zbekistonning eng yangi tarixi kafedrasi tashabbusi bilan “Sharq allomalari ilmiy merosining jahon ilm-fanida tutgan o‘rni” masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.

Ushbu anjuman IX-XII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan, o‘z ilmiy merosi bilan jahon ilm-fan taraqqiyotiga ulgan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, qomusiy olimlar hayoti va ijodi, XI asr boshlarida faoliyat yuritgan Xorazm Ma’mun akademiyasi, unda ijod qilgan taniqli olimlar merosi, Temuriylar hukmronligi davridagi ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, qomusiy olimlar hayoti va ijodi, shu davrda yashagan ilm-fan, adabiyot, san’at, madaniyat sohasi vakillari, olimlar, mustaqillik yillarida buyuk alloma, olimlar, millatimiz taniqli arboblari qarashlari, faoliyati, ijodiy o‘rganishi masalalarini qamrab oldi.

Tadbir avvalida Universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov, tarix fanlari doktori, professor Rahbarxon Murtazoyeva universitetning 106 yilligi bilan qutlab, O‘zMUda olib borilayotgan ishlar, o‘quv jarayonidagi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar berishdi. Shuningdek universitet tarixi, uning Markaziy Osiyo mintaqasida tutgan o‘rni masalalariga ham to‘xtalib o‘tishdi.

Respublika konferensiyasida 10 dan ortiq oliy o‘quv yurtlarining 100 ga yaqin iqtidorli talaba va magistrlari buyuk ajdodlarimizning ilm-fan sohasiga qo‘shgan hissasi, ular qoldirgan boy merosni o‘rganilish masalalari bo‘yicha maqolalar bilan ishtirok etishdi. Qayd etish lozimki, ajdodlarimizning yuksak intellektual salohiyati, uning yangi asnoda ko‘z ochishi XXI asr yangi O‘zbekiston g‘oyasida to‘liq o‘z aksini topmoqda.

Konferensiyada shon-sharafga to‘la o‘tmish, ildizlari uzoq uch ming yillikka borib taqaluvchi davlatchilik an’analari, boy madaniy meros va o‘lmas ma’naviy qadriyatlarga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi o‘ziga xos axloqiy tamoyillari, ulkan salohiyati bilan bashariyat ahli orasida alohida o‘rin egallashi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlash lozimki, asrlar davomida Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan hudud turli madaniyat, mafkura, g‘oyalar tutashgan, uyg‘unlashgan chorraha vazifasini o‘tab, bu jarayon ushbu zaminda yashayotgan xalqlar hayoti va turmush tarzi, onggi shuuriga bevosita ta’sir ko‘rsatgan.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan shiorni o‘ziga g‘oya sifatida tanlangan yangi O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatda ilm-fanni rivoj topishi uchun keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirilmoqda. Aynan Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev XXI asrda ildam qadam tashlayotgan zamonaviy O‘zbekiston – Uchinchi Renessans uchun poydevor bo‘lishi, hozirgi yosh avlod esa uning bunyodkori bo‘lishi haqidagi mulohazalari kelajak uchun asosiy strategik maqsad bo‘lib qoldi.

Iqtidorli talaba-yoshlar Movarounnahr o‘lkasi jahon tarixida ikki marotaba – IX-XII va XIV asr oxirlari – XV asrlarda misli ko‘rilmagan madaniy uyg‘onish – renessans o‘chog‘i sifatida dunyo ilm-fani, madaniyati, adabiyot va san’ati taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shganligini, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abbos al-Javhariy va boshqa buyuk allomalarni jahon ilm-fani, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi masalalarini ilmiy jihatdan ochib berishdi.

O‘rni kelganda qayd etish lozimki, anjuman tashkilotchisi bo‘lmish – “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi mana bir necha yillardan beri Milliy universitet tashkil topgan sana – 12 mayga bag‘ishlab har yili dolzarb mavzularga bag‘ishlangan yosh olimlar hamda iqtidorli talabalar ilmiy-amaliy anjumanini o‘tkazib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida talaba-yoshlarda tarixga, ilm-fanga nisbatan qiziqishlari ortishiga, tassurotlarini kengayishiga, kelajakda komil inson bo‘lib shakllanishiga shubhasiz, ijobiy hissa hisoblanadi.

O’zMU Axborot xizmati