2025-yil 7-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va O‘zbek filologiyasi fakultetida O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi hamkorligida shoh va shoir Said Muhammad Alixonning “Devon” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Devon”ni nashrga tayyorlagan, so‘zboshi hamda lug‘at va izohlar muallifi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Otabek Jo‘raboyev ishtirok etib, asarning mazmuni va uning ilmiy-amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Taqdimotda, shuningdek, O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, Jurnalistika va O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Muzaffar Chorshanbiyev, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi Abdurasul Eshonboboyev, filologiya fanlari doktorlari — professor Nodirxon Hasan, professor Jaloliddin Jo‘rayev hamda falsafa fanlari bo‘yicha filologiya doktori, dotsent Dilrabo Qozoqboyeva kabi yetuk olim va mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Jurnalistika va O‘zbek filologiyasi fakultetining iqtidorli talabalaridan Umida Abdullayeva, Doniyor Fayzullayev, Umida Nusratova, Farida Mengziyotova va Nozima Abdujabborova o‘z chiqishlari bilan faollik ko‘rsatdilar. Talabalar tomonidan berilgan savollar va fikr almashuvlar tadbirga alohida qiziqish baxsh etdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Jurnalistika va O‘zbek filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi” fanidan o‘tkazilgan “Ma’rifat darsi” doirasida tashkil etildi va barcha ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.