Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

«SHUNQORLAR» HARBIY-SPORT O‘YINLARI MUSOBAQASI O‘TKAZILDI.

Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotining mustahkam kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari o‘tgan
29 yilda g‘oyat murakkab va ayni paytda shonli shakllanish yo‘lini bosib o‘tdi. So‘ngi yillarda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanib bormoqda.

Joriy yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi saf maydonida talaba-yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirish maqsadida fakultetlararo “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari musobaqasi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan harbiy-sport o‘yinlari musobaqasida O‘zMU harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sh.Ashurov, universitet Moliya-iqtisodiyot masalalari bo‘yicha prorektor F.Dumayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B.Mallabayev, Kasaba uyushmasi qo‘mita raisi O.Xudoynazarov hamda barcha fakultetlarning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Jamoaviy shakldagi mazkur musobaqada O‘zMU Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazining ofitser-serjantlari hakamlik qilib bordilar. Universitetning 10 ta fakultetidan iborat jamoalar jami 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Hakamlar hay’atining yakuniy baholash hisoblariga ko‘ra: birinchi o‘ringa Biologiya fakultetining
«Yosh gvardiyachilar» jamoasi, ikkinchi o‘ringa Geografiya fakultetining «Burgutlar» hamda Kimyo fakultetining «Alpomish avlodlari» jamoalari, uchinchi o‘ringa Ijtimoiy fanlar fakultetining «Iftixor» jamoalari munosib deb topildi. Birinchilikni qo‘lga kiritib, g‘olib bo‘lgan jamoaga “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari musobaqasining ko‘chma kubogi, Diplom hamda qimmatbaho estalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, musobaqa davomida faol va namunali ishtiroki etgan fakultet jamoalarining bir guruh a’zolari ham turli nominatsiyalar bo‘yicha Tashakkurnoma hamda estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zMU da har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur harbiy-sport o‘yinlari musobaqasini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talaba-yoshlarni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, harbiy xizmatga qiziqtirish va bosqichma-bosqich tayyorlab borishdan iboratdir. Zero, yoshlar bilan ishlash – davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim asoslaridan biridir.

Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi