Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Vladimir Lvovich Kvintning ikki jildli “Strategiyalash konsepsiyasi” kitobining taqdimoti hamda universitet huzuridagi Strategiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet rektori Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida mazkur anjuman zamonaviy strategiyalash nazariyasi va metodologiyasining asoschisi, dunyo miqyosida tan olingan yirik olim Vladimir Lvovich Kvintning ilmiy merosini keng jamoatchilikka taqdim etishga bag‘ishlanganini ta’kidladi. Shuningdek, asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi milliy ilmiy maktab va strategik fikrlash madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.


Rektor, ayniqsa, Vladimir Kvintning universitetda “Davlat va korporativ strategiyalari” kafedrasini shakllantirish, shuningdek, kelajak strateg-mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi beqiyos xizmati va amaliy qo‘llab-quvvatlashini alohida e’tirof etdi.

Taqdim etilgan kitobning birinchi jildi muallif tomonidan qariyb qirq yil davomida ishlab chiqilgan Umumiy strategiya nazariyasining asosiy qoidalarini mujassam etgan. Asarda strategiyalashga oid atamalar, konseptual yondashuvlar, metodologik asoslar hamda amaliy tavsiyalar keng qamrovda bayon qilingan. Nashr korporativ, davlat, mahalliy va harbiy boshqaruv sohalari rahbarlari, strategiyalash bo‘yicha nazariyachi va amaliyotchilar, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun mo‘ljallangan.
Tadbirda Vladimir Lvovich Kvint so‘zga chiqib, strategiyalashning zamonaviy iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni, global raqobat sharoitida ustuvorliklarni belgilash va uzoq muddatli maqsadlarni ilmiy asosda shakllantirish masalalariga to‘xtaldi. U strategik fikrlashni tizimli yondashuv va ilmiy metodologiya asosida rivojlantirish bugungi kunda davlat va korporativ boshqaruvning hal qiluvchi omili ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Iqtisodiy va moliyaviy strategiya kafedrasi mudiri o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Irina Novikova, O‘zMU “Davlat va korporativ strategiyalari” kafedrasi mudiri Avazbek Sodiqov hamda mazkur kafedra professori Sayidfozil Zokirovlar so‘zga chiqib, kitobning ilmiy-amaliy ahamiyati, uning ta’lim jarayoniga integratsiya qilinishi va strategik boshqaruv sohasidagi dolzarbligi haqida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Mazkur taqdimot milliy strategik maktabni shakllantirish va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
O‘zMU Axborot xizmati