Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi O‘zMUda bo’ldi

Bugun, 14-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti hamda Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi (AACC) sobiq raisi Nakkharin Mektrairat boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘afurov Boisovich hamrohligida tashrif buyurdi.

Uchrashuvni O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov tegishli fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlari bilan birgalikda olib bordi.

Dastlab ikki tomon vakillari o‘zaro tanishib, universitet faoliyati hamda Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudining xalqaro yo‘nalishdagi ishlari haqida fikr almashdilar.

Suhbat davomida asosan huquqshunoslik fanlariga e’tibor, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish, xalqaro huquq bo‘yicha fikr yuritish, O‘zMU va Tailand oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, huquqshunoslik yo‘nalishidagi professor-o‘qituvchilarni kelgusida stajirovkalarga jalb etish, akademik mobillik, qo‘shma loyihalar va qo‘shma dasturlar bo‘yicha takliflar muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida Tailandning Thammasat universiteti rektori tomonidan ilgari surilgan taklifga muvofiq, kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida ikki tomonlama koordinantorlar tayinlandi va hamkorlikning keyingi bosqichlari yuzasidan kelishuvga erishildi.