O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning xavfsizligi va sog‘lom turmush tarzini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Universitet rahbariyati va mas’ullar talabalar turar joylari va ijara xonadonlariga tashrif buyurib, ularning sharoitini o‘rganmoqda.

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev hamda tegishli bo‘limlar mas’ullari talabalar turar joylariga borib, yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida talabalarning kundalik turmush sharoiti, ta’lim jarayonidagi muammo va takliflari bilan yaqindan tanishildi.

Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan isitish tizimlaridan to‘g‘ri foydalanish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish kabi muhim masalalar yuzasidan talabalarga tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, talabalar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ehtiyot choralarini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

O‘zMU Axborot xizmati