
17-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Tarix fakultet yubileyi munosabati bilan “O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakultetiga 90 yil: ta’lim va fan markazi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Nufuzli konferensiyada O’zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom MADJIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom ABDULLAYEV qatnashib, yig‘ilganlarni sana munosabati bilan tabriklashdi. Shuningdek, fakultetning ilmiy salohiyati, shu kunga qadar erishilgan yutuqlari e’tirof etildi.
Anjumanda 10 dan ortiq mamlakatdan taniqli tarixchilar, olimlar, tadqiqotchilar, sohaviy ilmiy tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Ular tomonidan turli mavzularda qiziqarli ma’ruzalar taqdimot qilindi.
Konferensiya to‘plamiga 20 dan ortiq davlatning nufuzli olimlari, O‘zbekistonning turli ilmiy va barcha yetakchi oliy o‘quv yurtlardan 300 dan ortiq tadqiqotchilar o‘z tezislarini taqdim etdi.
Anjuman oldidan fakultet shonli tarixini yoritishga bag‘ishlangan kino-foto-fono hujjatlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Arxivshunoslik va manbashunoslik kafedrasining yosh o‘qituvchilari va talabalari tomonidan mamlakat arxivlaridan topilgan noyob materiallar fakultetning shakllanish va rivojlanish bosqichlarini, uning murakkab, biroq shu bilan birga sharafli va samarali yo‘lini har tomonlama yoritib beradi.
Yubiley doirasida Tarix fakultetida Arxeologiya kafedrasida zamonaviy o‘quv xonasining ham tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda miloddan avvalgi birinchi mingyillikdan to XVIII asrgacha bo‘lgan davrga oid asori atikalar o‘rin olgan. Bu bebaho topilmalar fakultet o‘qituvchilari va talabalari tomonidan mamlakat hududida o‘tkazilgan arxeologik ekspedisiyalar jarayonida topilganligini alohida qayd etish joiz.

90 yillik yubileyiga bag‘ishlab tayyorlangan yirik ko‘rgazmada fakultet professor-o‘qituvchilarining monografiyalari, ilmiy to‘plamlari, darsliklari hamda boshqa o‘quv-uslubiy nashrlari o‘rin olgan. Ushbu kitoblar fakultet yetakchi olimlarining so‘nggi yillardagi ilmiy-tadqiqot ishlarining namunasi bo‘lib, ularning tarix fanini va ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasini aks ettiradi.
Xalqaro anjuman tashkil etilishi nafaqat fakultetning ko‘p yillik faoliyatini baholash va yubileyni nishonlash, balki xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, fakultet o‘qituvchilari tomonidan nashr etilgan ilmiy yangiliklar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, TOP-1000 ro‘yxatiga kiruvchi hamkor oliygoh bilan birgalikda nashr qilingan talabalar maqolalarini o‘z ichiga olgan to‘plam hamda kollektiv monografiyani taqdim etishni ham o‘z ichiga oladi.
O’zMU Axborot xizmati