1952 yilda Toshkent viloyati Parkent tumanining Nomdanak qishlog‘ida tug‘ilgan. Geografiya fanlari doktori (2002), professor (2009), Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU Quruqlik gidrologiyasi va meteorologiya kafedrasi professori. 11 ta monografiya, 6 ta darslik, 25 ta o‘quv qo‘llanmalar, 3 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 10 ga yaqin atlaslar, 200 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi. “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” respublika tanlovida birinchi (2015) va ikkinchi (2005) o‘rinlarni egallagan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovida, 2016 va 2017 yillarda, ya’ni ketma-ket, O‘zMU g‘olibi, 2018 yilda esa mazkur tanlovning respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.
F.Hikmatov tog‘ daryolari gidrologiyasi sohasida taniqli olim. Daryolar oqimini hisoblash va prognozlash usullarini takomillashtirishga oid tadqiqotlari xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Xalqaro Biosfera fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, M.V. Lomonosov nomidagi MDUning “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlangan (2005). U 5 ta amaliy, 3 ta fundamental va 2 ta innovatsion loyihalarga ilmiy rahbarlik qilgan, 2 ta xalqaro loyihalar ishtirokchisi. Hozirgi kunda FZ-2020110111-sonli «O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi, qayta tiklanadigan energiya resurslari va aholi salomatligi» mavzuidagi O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma loyihasi F.Hikmatov rahbarligida bajarilmoqda. F.Hikmatov rahbarligida 40 dan ortiq magistrlar, 3 ta fan nomzodi, 11 ta falsafa doktori (PhD) va 5 ta fan doktori (DSc) tayyorlagan. O‘zMU, GMITI va “TIQXMMI” MTU qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashlar a’zosi. O‘zR OAK ro‘yxatidagi “O‘zGJ axboroti” jurnalining bosh muharriri, “Gidrometeorologiya va AMM” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari.“Mehnat shuhrati” ordeni (2008), “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni (2021), “Mehnat faxriysi” I darajali ko‘krak nishoni (2023) sohibi.